Asosiy matnga o‘tish
ru

Landing yoki korporativ sayt: qaysi biri kerak?

Bitta taklif va reklama trafigi bo‘lsa, landing. Bir nechta xizmat va qidiruvdan trafik kerak bo‘lsa, korporativ sayt. Farqi, jadval va tanlash tartibi.

Sardor Rustamovich, Advigo asoschisi3 daqiqaSayt

Bitta taklif va reklamadan kelgan trafik bo‘lsa, landing yetadi. Bir nechta xizmat yoki mahsulot, kompaniya haqida ma’lumot va qidiruvdan trafik kerak bo‘lsa, korporativ sayt kerak. Ko‘p biznes oxirida ikkalasini ishlatadi: sayt asos bo‘ladi, landing esa har bir reklama uchun alohida ochiladi.

Landing nima?

Landing bitta maqsadga qurilgan bitta sahifa. Odam reklamani bosadi, taklifni o‘qiydi va ariza qoldiradi. Menyu deyarli yo‘q, boshqa sahifaga ketish yo‘li kam, chunki har bir qo‘shimcha havola odamni formadan uzoqlashtiradi.

Kuchli tomoni: tez yasaladi va oson o‘lchanadi. Sahifa va taklif bitta bo‘lsa, lid narxi nimaga bog‘liqligini ko‘rish osonroq. Zaif tomoni: qidiruvdan kam trafik oladi, ishonch uyg‘otish uchun joy kam.

Korporativ sayt nima?

Korporativ sayt kompaniyaning to‘liq vitrinasi: xizmatlar, narxlar, keyslar, kompaniya haqida, aloqa, blog. Har bir sahifa alohida savolga javob beradi va alohida qidiruv so‘rovini oladi. Odam sizni reklamada ko‘rib, keyin nomingizni qidirganda ham shu yerga tushadi.

Kuchli tomoni: ishonch va qidiruvdan uzoq muddatli trafik. Zaif tomoni: ko‘proq kontent kerak, tayyorlash uzoqroq, reklama trafigini landingdek aniq yo‘naltirmaydi.

Asosiy farqlar nimada?

MezonLandingKorporativ sayt
MaqsadBitta taklifga arizaKompaniyani to‘liq ko‘rsatish
TrafikAsosan reklamaQidiruv, reklama, tavsiya
SahifalarBittaBir nechta
MenyuDeyarli yo‘qTo‘liq
YangilashHar kampaniyadaDoimiy
O‘lchashCPL va arizalarSo‘rovlar, qidiruv, kanallar

Qachon landing yetadi?

  • Bitta mahsulot, kurs yoki aksiyani sotyapsiz.
  • Trafik reklamadan keladi va byudjet tayyor.
  • Taklifni tez sinab ko‘rish kerak.
  • Har bir kurs yoki segmentga alohida xabar kerak.

Oxirgisi amalda ko‘p uchraydi. Najot Ta’lim keysida har bir kurs uchun alohida konversiyaga yo‘naltirilgan landing tayyorlangan: kurs boshqa, auditoriya boshqa, demak sahifa ham boshqa.

Qachon korporativ sayt kerak?

  • Xizmatlar bir nechta va har birini alohida tushuntirish kerak.
  • Mijoz qaror qilishdan oldin kompaniyani tekshiradi.
  • Qidiruvdan trafik olmoqchisiz.
  • Jamoangiz narx, keys yoki maqolalarni o‘zi yangilashi kerak.

Mahsulotlar ko‘p bo‘lsa, gap korporativ saytdan ham katta: onlayn magazin kerak bo‘ladi. Kardio Med System keysida shunday bo‘lgan: kompaniya med texnika sotadi, shuning uchun mobil moslashgan onlayn magazin va Telegram’ga avtomatik tushadigan lidlar qilingan.

Landingda nimalar bo‘lishi kerak?

Odam sahifaga kirganda bir necha soniyada uchta savolga javob topishi kerak: bu nima, menga nima foyda, keyin nima qilaman. Shuning uchun landingda odatda shu bloklar bo‘ladi:

  • Aniq taklif birinchi ekranda.
  • Kimga mos ekani va nima olishi.
  • Isbot: keys, raqam yoki jarayon.
  • Narx yoki keyingi qadam nima ekani.
  • Qisqa forma va bitta asosiy tugma.

Korporativ saytda qaysi sahifalar birinchi kerak?

Hamma narsani birdan yasash shart emas. Mijoz qaror qilishiga yordam beradigan sahifalardan boshlang: har bir xizmat uchun alohida sahifa, narxlar, keyslar, kompaniya haqida va aloqa. Blog keyin qo‘shiladi, u mijozlar beradigan savollarga javob bo‘lishi kerak.

Ikkalasini birga ishlatsa bo‘ladimi?

Ha, ko‘pincha shunday qilish to‘g‘ri. O‘zimizning saytimiz ham shunday qurilgan. Asosiy sayt xizmatlar, keyslar va narxlarni ko‘rsatadi va qidiruvga ochiq. Reklama uchun esa alohida landing bor, u qidiruvga yopiq, chunki faqat reklama trafigi uchun yasalgan. Bir xil sahifalar qidiruvda bir-biriga xalaqit bermaydi, reklama natijasi ham alohida o‘lchanadi.

Qanday tanlash kerak?

Uchta savolga javob bering:

  1. Trafik qayerdan keladi? Faqat reklamadan bo‘lsa, landingdan boshlang.
  2. Nechta taklif bor? Bittadan ko‘p bo‘lsa, sayt kerak yoki har biriga alohida landing.
  3. Mijoz qaror qilishdan oldin nimani tekshiradi? Keys, narx, jamoa kerak bo‘lsa, landing yetmaydi.

Javoblar aralash bo‘lsa, landingdan boshlang: u tezroq tayyor bo‘ladi va taklif ishlashini ko‘rsatadi. Taklif ishlagach, saytga o‘ting. Landingda ishlagan matn, raqam va savollar keyin sayt sahifalariga ham kerak bo‘ladi, shuning uchun ish bekor ketmaydi.

Sayt yoki landingga nima albatta kerak?

Turi qanday bo‘lishidan qat’i nazar uch narsa kerak. Birinchisi, telefonda tez ochilishi, chunki Instagram reklamasini odam telefonda ko‘radi. Ikkinchisi, aniq forma: ortiqcha maydon arizani kamaytiradi. Uchinchisi, analitika va reklama pikseli: ularsiz qaysi reklama ishlayotganini bilmaysiz. SEO asoslari ham kerak: sarlavha, tavsif, sitemap. Lekin landing uchun bu ikkinchi darajali.

Advigo’da sayt va landing $290 dan boshlanadi. Xizmat tarkibini sayt yaratish sahifasida ko‘ring va vazifangizni yozing: landing yetadimi yoki sayt kerakmi, birinchi navbatda shuni aytamiz.

Loyihangiz bormi?

15 daqiqalik qo‘ng‘iroqda nimani yaxshilash mumkinligini aytamiz. Majburiyatsiz.

Bepul konsultatsiya
Qo‘ng‘iroq qilish